2022-yil 11-noyabrda Samarqandda boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan 2023-yil “Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili” deb eʼlon qilingan, Shuningdek, joriy yil uchun Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotida raisligi konsepsiyasi va Tadbirlar jadvali qabul qilingan boʻlib, unga muvofiq “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning oʻrni” mavzusida xalqaro konferensiyani oʻtkazish belgilangan edi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 5-6-dekabr kunlari Turkiy davlatlar geografik kengashi, Turkiy davlatlar tashkiloti va Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning oʻrni” mavzusida Imom Al-Buxoriyning “Ilmdan boshqa najot yoʻq” shiori ostida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Tashkil etilgan Xalqaro konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad Turkiy xalqlarning ming yillar avval shakllangan tarixini yanada chuqurroq oʻrganish, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, geografik oʻtmishini talqin qilish, milliy-madaniy oʻzligiga tayanib mushtarak tarixini yozish, birlik va qardoshlik gʻoyasiga xizmat qiladigan manbalarni yaratish va kelajak avlod uchun yetkazib berishdan iborat.
Konferensiyada Turkiya, Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti va ekspert hamjamiyatlarining qirqdan ziyod vakillari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbirda Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi - iqtisod fanlari falsafa doktori Oybek Norinbaev ishtirok etib konferensiyani ochib berdi. Oybek Norinbaev oʻz nutqilarida 2023-yil 3-noyabrda Turkiy davlatlar tashkilotning Ostona sammiti “Turkiy davr” shiori ostida oʻtkazilishi Samarqand sammitining oʻziga xos mantiqiy davomi boʻlganligini, Sammitda muhtaram Prezidentimiz oʻz nutqlarida buyuk ajdodimiz – qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqonning “Ey turkiy elim, oʻzligingga qayt, oʻzingni angla – yanada yuksalgaysan!” daʼvati bilan boshlaganligi ham bejiz emasligini taʼkidlab oʻtildi.
Sammit davomida qabul qilingan Ostona Deklaratsiyasida Davlat rahbarlari turkiy davlatchilik va tarix, turkiy xalqlarning boy madaniy merosini tarannum etishga qaratilgan konferensiya va forumlar oʻtkazilishini olqishlaganlari alohida tahsinga sazovordir. Shu maʼnoda, bugungi tadbirimiz turkiy xalqlarning mushtarak tarixini oʻzaro anglash, milliy-madaniy oʻzlik asosida birlik va qardoshlik gʻoyasiga xizmat qiladigan obyektiv manbalarni aniqlash va tadqiq qilish hamda ularni kelajak avlod uchun yetkazib berishga xizmat qiladi, Shuningdek, mazkur konferensiya yoshlarimizga ota-bobolarimiz tarixda buyuk davlatlar barpo etganliklarini xotirlatish orqali ularda iftixor tuygʻusini kuchaytirishga turtki boʻladi degan umiddamiz. Qolaversa, turkiy davlatlardan yetuk olimlarni oʻzida mujassam etgan bu kabi platformalar mutaxassislar va tarixchilar oʻrtasida oʻzaro tanishish, maʼlumot va tajriba almashish hamda istiqbolda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan qoʻshma loyihalar haqida kelishib olish imkonini berishini taʼkidlab oʻtdi.
Ushbu yuksak maqsadlarga mos ravishda, joriy yilda yana bir muhim qadam tashlandi: Oʻzbekiston geografiya jamiyati tashabbusi bilan Turkiy davlatlar geografiya kengashi tashkil etilgani, Mazkur kengashning maqsad va vazifalari ham umumiy makonimiz hisoblangan ushbu xududlarda oʻzaro qardoshlik, hamjihatlik va yaxshi qoʻshnichilik ruhida xalqlar oʻrtasida oʻzaro aloqalarni kengaytirish, ilm-fanni yoshlar orasida ommalashtirish hamda umumiy tariximizning muqqaddas qadamjolari va obyektlariga xalqlarimizni, ayniqsa yoshlarimizni jalb qilgan holda geografiya va geoturizm sohalarini rivojlantirishini ekanligini aytib oʻtildi.
Shu bilan birga, 2024-yil fevral-mart oylarida Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlikda Qoraxoniylarga bagʻishlangan konferensiya tashkil qilish rejalashtirilayotganini hamda barcha qatnashchilarni ushbu konferensiyada ham faol ishtirok etishga taklif qilib oʻz soʻzlarini yakunladi.
Xalqaro konferensiyaning amaliy natijasi sifatida maʼruzachi olimlarning va ishtirokchilarning ilmiy maqolalari alohida toʻplam shaklida nashr etilishi kelishib olindi.
Shu bilan bir qatorda konferensiya doirasida Turkiy Davlatlar Geografiya Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Turkiy Davltalar Tashkiloti hamda Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti bilan hamkorlikda, Turkiy davlatlarning bir qator olimlari ishtirokida “Turkiy dunyo xartiyasi”ni ishlab chiqishni va “Tabarruk ziyorati” mavzusiga bagʻishlangan “Davra suhbati” tashkil etildi.
Mazkur davra suhbati ham joriy yil Ostona sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Turkiy dunyo xartiyasi” loyihasini tayyorlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida oʻtkazildi.
Ushbu yigʻilishda ham Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi - iqtisod fanlari falsafa doktori Oybek Norinbaev kirish soʻzi bilan ochib berib ishtirokchilarni taklif va tajribalari bilan oʻrtoqlashishlarini soʻradilar.
Muhtaram Prezidentimizning “Turkiy dunyo xartiyasi”ni oʻziga xos ramziy qomusini sohaning yetuk olimlari va ekspertlar ishtirokida tayyorlanishi alohida taʼkidlaganliklarini davra suxbatining diqqat eʼtiborida boʻlib, amaliy takliflar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Shu bilan bir qatorda Turkiy davlatlar geografiya kengashi Turkiy davlatlar tashkiloti va Oʻzbekistonning tegishli idoralari bilan hamkorlikda “Tabarruk ziyorat” loyihasi boʻyicha yurtimizda joylashgan muqaddas maskanlarning elektron xaritasini tuzish ishlarida oʻz takliflari bilan ishtirok etishini bildirib oʻtdi.
Davra suhbatida Oʻzbekiston geograiya jamiyati aʼzosi Oʻzbekiston Milliy universiteti Kartografiya kafedrasi tayanch doktoranti Sunnat Uvrayimovning “Islom madaniy meros obyektlarining interaktiv veb xaritalarni yaratish masalalari” Oʻzbekiston misolida maʼruza qilib berdi.
Interaktiv veb xarita test rejimida ishga tushirilgan boʻlib undan foydalanish va uning interfeys koʻrinishi davra suhbati ishtirokchilariga tanishtirildi. Bu dasturga esa oʻz navbatida qardosh davlatlar olimlari tomonidan iliq fikrlar bildirilib, uni yanada birgalikda takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi.
Boʻlib oʻtgan tadbirlar turkiy xalqlarning mushtarak tarixini oʻzaro anglash, milliy-madaniy oʻzlik asosida birlik va qardoshlik gʻoyasiga xizmat qiladigan obyektiv manbalarni aniqlash va tadqiq qilish, tegishli takliflar ishlab chiqish hamda ularni kelajak avlod uchun yetkazib berishga xizmat qiladi.