Jamiyatning yaratilish tarixi va asosiy taraqqiyot bosqichlari
Har qanday geografik jamiyatning vazifalari nafaqat oʼz mamlakatining, balki butun dunyoning tarixiy-geografik merosini oʼrganish boʼlgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday boʼlib qoladi. Aynan shu maqsadda Oʼzbekiston Geografiya jamiyati tuzilgan. Jamiyatning ilmiy ishlariga asoslanib, Oʼzbekiston Geografiya jamiyatining tarixi 1897 yil 12 martda Imperatorlik Rus Geografiya jamiyati (IRGJ) Turkiston boʼlimining tashkil etilishidan boshlanadi deb hisoblash mumkin. Shunday ekan, Oʼzbekiston Geografiya jamiyatining faoliyat koʼrsatayotganligiga 120 yildan oshdi. Bu holat Geografiya jamiyatining respublikamizdagi eng keksa ilmiy jamiyatlardan biri ekanligi, uning faoliyati esa hozirgi vaqtgacha bardavom boʼlib kelganligidan dalolat beradi.
Mustaqil boʼlim qanday paydo boʼldi
XIX asrning oxirlariga kelib Turkistonda faoliyat yuritgan geograflar orasida IRGJning hududiy boʼlimini barpo etish toʼgʼrisidagi fikr paydo boʼldi. Natijada, 1897 yilda IRGJ Turkiston boʼlimi tashkil etildi.
IRGJ Turkiston boʼlimining tashkiliy qurultoyi 1897 yil 12 martda Toshkentda boʼlib oʼtdi. Ushbu qurultoyda “IRGJ Turkiston boʼlimi toʼgʼrisidagi Nizom” qabul qilindi. IRGJ Turkiston boʼlimi faoliyatining birinchi yilida uning jami 72 ta aʼzo mavjud boʼlgan.
IRGJ Turkiston boʼlimi tashkiliy tuzilmasining keyingi yillardagi oʼzgarishlari
1925 yilda Turkiston boʼlimi Davlat Geografiya jamiyatining Oʼrta Osiyo boʼlimi deb qayta nomlandi.
Oʼrta Osiyo boʼlimi negizida 1930 yilda Davlat Geografiya jamiyatining Oʼzbekiston filiali tashkil etildi.
1940 yildan boshlab Davlat Geografiya jamiyatining “SSSR Geografiya jamiyati” deb qayta nomlanishi munosabati bilan Respublika geograflari ilmiy jamiyati SSSR Geografiya jamiyatining Oʼzbekiston filiali deb qayta nomlandi.
1964 yilda SSSR Geografiya jamiyatining Oʼzbekiston filiali Oʼzbekiston Geografiya jamiyati (Oʼzbekiston SSR Geografiya jamiyati) ga aylantirildi.
Respublikamiz mustaqillikni qoʼlga kiritganidan soʼng 1991 yildan boshlab, geograflarning milliy uyushmasi Oʼzbekiston Geografiya jamiyati degan nom bilan atala boshlandi.
2001 yildan buyon Oʼzbekiston Geografiya jamiyati Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan roʼyxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotdir.
Oʼzbekiston Geografiya jamiyati respublikamiz oliy oʼquv yurtlari bilan hamkorlikda quyidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyalarni oʼtkazdi:
“Oʼzbekiston Yevrosiyo makonida: geografiya, geoiqtisodiyot, geoekologiya” (2017 yil 11-12 may, Toshkent);
“Orol mintaqasi va qoʼshni hududlarida kompleks geografik tadqiqotlarning muammo va istiqbollari” (2018 yil 15-16 may, Nukusda Rossiya Fanlar akademiyasi Uzoq Sharq boʼlimi Tinch okean geografiya instituti va Rossiya ijtimoiy geograflari assotsiatsiyasi bilan birgalikda);
“Geografiya va globallashuv: nazariya va amaliyot” (2018 yil 21 may, Аndijon), “Geoinformatika sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari: hozirgi holati va istiqbollari” (2018 yil 19-20 oktyabr, Toshkent).
Xulosa
120 yildan ortiq vaqt mobaynida Oʼzbekiston Geografiya jamiyati mamlakatning siyosiy va ijtimoiy iqtisodiy hayotidagi tarixiy voqealar bilan bogʼliq koʼplab oʼzgarishlarga duch keldi. Biroq, Oʼzbekiston Geografiya jamiyati barcha zamonlarda geografik tadqiqotlarni tashkillashtirish va muvofiqlashtirish, geograflarning ilmiy asarlarini nashr etish va geografik bilimlarni targʼib qilishda muhim rol oʼynagan. Oʼzbekiston Geografiya jamiyatining tarixi bizning mamlakatimizda geografiya fanining rivojlanish tarixini aks ettirishi, uning yetakchi vakillari doimo jamiyat faollari orasida boʼlganligini taʼkidlash lozim.