Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yilligiga bagʻishlangan
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda boshqa sohalar kabi ilm-fan sohasida ham koʻplab islohotlar amalga oshirilib, samarali natijalarga erishilib kelinmoqda. Bu davrdagi yutuqlar nihoyatda serqirra va koʻlami keng boʻlib, uning hududiy jihatlarini koʻhna va hamisha navqiron fanimiz – geografiya fani shugʻullanadi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Geografiya jamiyatining bosh maqsadi geografiya, oʻlkashunoslik va ularga yaqin fanlar boʻyicha nazariy yoki amaliy ishlarni amalga oshiruvchi barcha tashkilot va muassasalar, shuningdek aholinining bu boradagi ilmiy, nazariy yoki amaliy ishlarini muvofiqlashtirishga koʻmaklashish, geografik va ekologik bilimlarni hamda ilgʻor ilmiy gʻoyalarni, fan yutuqlarini keng targʻib qilishdan iboratdir. Ushbu maqsadni amalga oshirish borasida, ayniqsa, soʻnggi yillarda qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Avvalo Jamiyat aʼzolari faoliyat olib borishlari uchun barcha qulaylik va imkoniyatlarga ega boʻlgan Geografiya jamiyatining yangi ofisi bunyod etildi.
Jamiyatimiz oʻz faoliyatida xorijiy mamlakatlar olim-geograflari bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Bu borada olib borilayotgan ishlar samarasida xalqaro hamkorlik faol ravishda kengayib, bir qator ishlar amalga oshirildi, hamkorlik shartnomalari, memorandumlar imzolandi va rejalashtirilgan chora-tadbirlar jadal amalga oshirilmoqda.
Xorijiy davlatlarning Geografiya jamiyatlari bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot va nashriyot faoliyatini amalga oshirish, geografiya sohasida tajriba va axborot almashish, ilmiy aloqalarni rivojlantirish, geografik tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirish boʻyicha Vengriya, Vyetnam, Ozarbayjon, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston respublikalari Geografiya jamiyatlari bilan memorandumlar imzolandi va hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
2022-yil Oʻzbekiston Geografiya jamiyati Osiyo Geografiya assotsiatsiyasiga aʼzo boʻldi hamda shu yilning 5-9-sentyabr kunlari Jamiyat delegatsiyasi Vyetnamda boʻlib oʻtgan “V-Osiyo geografiya konferensiyasi”da ishtirok etdilar.
2023-yilning 8-may kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida Turkiy davlatlar geografiya kengashining Taʼsis yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Vengriya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya geografiya jamiyatlari rahbarlari, Turkiy davlatlar tashkiloti vakili ishtirok etdilar. Yigʻilishda Turkiy davlatlar geografiya kengashi tashkil etilishi maʼqullanib, “Toshkent” bitimi imzolandi, hamda uning istiqboldagi maqsad va vazifalari belgilab olindi.
Gegografiya sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, geografiya va turdosh fanlar yoʻnalishidagi tadqiqotlar va ilmiy salohiyatini rivojlantirish boʻyicha respublikamiz va xorijdagi vazirlik, tashkilot va muassasalar, jumladan Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Oxford Education Analytics” Oksford taʼlim va tahlil markazi, Rossiya Federal axborot-siyosiy jurnali “Persona strany”, Turkiy dunyo instituti (Germaniya), Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Joriy yil 28-iyul kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan tashkilotning Istanbuldagi bosh qarorgohida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda kelgusida birgalikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar muhokama qilinib, hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi.
Geografiya, fan, ilmiy-tadqiqot, taʼlim, innovatsiyalar va hamkorlikning boshqa sohalarida qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish maqsadida Turkiyaning Istanbul Texnika universiteti, Yozgat Bozok universiteti, Marmara universiteti, Istanbul Medeniyet universiteti, Koch universiteti kabilar bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumning imzolanishi oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, oʻzaro tajribani boyitish va geografik tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlari bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirish, taʼlim sohasida imkoniyatlarini yanada oshirish hamda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi.
Oʻzbekiston Geografiya jamiyatining 3 nafar aʼzosi 2022-yil 15-avgustdan 5-sentyabrgacha Rus Geografiya jamiyati tomonidan tashkil etilgan “Kamchatka: Shimoli-gʻarbiy olov halqasi” nomli xalqaro ekspeditsiyada ishtirok etdilar. Dunyoning 10 ta mamlakatidan (Rossiya, Serbiya, Bosniya va Gersegovina, Belarus, Armaniston, Misr, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston) 21 nafar olim-geograflar, doktorantlar va tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Oʻzbekiston Geografiya jamiyati delegatsiyasi mazkur xalqaro ekspeditsiyada ilk marotaba ishtirok etdi.
Jamiyatimiz nashr ishlariga ham alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston geografiya jmiyati axborotining 5 ta jildi (59-63 jildlar – 112 ta maqola) nashr etildi.
2021-yilda “Noviy Uzbekistan: Strategiya razvitiya i liberalizatsii” nomli kitob nashr etildi. Mazkur kitobda Oʻzbekistonda davlat va jamiyat qurilishini demokratiyalashtirish holati va istiqbollarining tahliliy obzori keltirildi.
Turkiyada Oʻzbekiston Geografiya jamiyati tomonidan Buxoro xonligidan hozirgi davrga qadar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlarga bagʻishlangan kitob nashr etildi. Unda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi 500-yildan ortiq munosabatlar tarixini, ikki xalq oʻrtasidagi qardoshlik va hamkorlik namunalarini yoritib berilgan.
Hurmatli hamkasblar, Jamiyatimizning oʻz oldiga qoʻygan maqsad va vazifalarini bajarishida Sizlarga kuch-quvvat, azmu-shijoat, mustahkam sogʻlik tilagan holda, barchangizni Oʻzbekiston mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayrami bilan yana bir bor qutlayman!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!
O. Norinbayev - Oʻzbekiston geografiya jamiyati raisi, iqtisod fanlari falsafa doktori (phd).