2023-yilning 4–8-sentabr kunlari YUNESKO qarorgohi Parijda “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Loyiha buyuk alloma va mutafakkir tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlanadi.
Namoyish bezaklarining vizual qismi, multimedia qurilmalari hamda taqdim etilgan qo‘lyozmalar nusxalari sharofati bilan ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi bilan tanishdilar, uning oʻrta asrlar ilm-fani rivojini koʻp jihatdan belgilab bergan va hozirgi kungacha ham oʻz dolzarbliligini yoʻqotmagan sayohatlari, kashfiyot va izlanishlari tafsilotlari haqida bilib oldilar. Ko‘rgazmaning tantanali ochilishi dasturida Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri konserti bo‘lib o‘tib, unda Dmitriy Yanov-Yanovskiy muallifligidagi “Zij – Burjlar Musiqasi” asarining jahon premyerasi taqdim etildi.
Beruniy ko‘hna Xorazmning poytaxti bo‘lmish Kat shahrida tavallud topgan. U erta bolaligidanoq aniq va gumanitar fanlarni bilish va tadqiq etishga katta qiziqish bildirgan. Beruniy ona xorazm tilidan tashqari arab, so‘g‘d, fors, ossuriy, yunon tillarini ham o‘rgangan. Keyinchalik Hindistonda u sanskrit tilini ham o‘zlashtirgan.
Abu Rayhon Beruniy astronomiya, fizika, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, tarix, etnografiyaga oid ko‘plab asarlar qoldirib, bu fanlar rivojiga katta hissa qo‘shgan.
Tashrif buyuruvchilar Beruniy qo‘lyozmalari sahifalari bilan tanishishlari mumkin bo‘lgan yuqori sifatli interfaol multimedia tasvirlar bilan bir qatorda, ularga olim hayotiga oid qisqacha videorolik namoyish etiladi. Ko‘rgazma maydonining umumiy maydoni 400 kvadrat metrdan ortiq. Ekspozitsiyada Abu Rayhon Beruniy qo‘lyozmalarining Fransiya milliy kutubxonasi fondidan Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti mutaxassislari tomonidan tayyorlangan nusxalariga alohida e’tibor berilgan:
“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” ko‘hna tamaddunlar bo‘lmish fors, nasroniy, yahudiy va hindlarning taqvimlari, ularning bayramlari va vaqtni hisoblash usullari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. Bu asarida Beruniy chuqur falakiyotshunoslik bilimlarni kishilar va ularning ijtimoiy-madaniy an’analari bilan bog‘laydi.
“Astronomik risolalar” aslida bu astronomiya asoslaridan saboq berishga mo‘ljallangan asosiy o‘rta asrlar darsligidir.
“Qonuni Mas’udiy” matematika va astronomiyaga oid risola hisoblanadi. Matematikaning fundamental ta’riflari, turli aholi guruhlari taqvimlari, burjlar turkumi, shaharlarning kenglik va uzunliklari, yulduz va sayyoralarning harakati hamda trigonometriya xususidagi masalalar munozarasidan iborat.
“Hindiston” hind jamiyati haqidagi etnografik asardir. Beruniy bu asarini shimoliy Pokistondagi kishilar hayotini kuzatishlari, hind mutafakkirlari bilan muloqot va sanskrit adabiyotini mutolaa qilish asosida yozgan.
Ko‘rgazmaning ochilishi munosabati bilan 4-sentabr kuni YUNESKO qarorgohining I zalida mashhur bastakor Dmitriy Yanov-Yanovskiy asarining jahon premyerasi bo‘lib o‘tdi. “Zij – Music of Constellations” (“Zij – Burjlar Musiqasi”) badiiy asari muallif tomonidan Sharqning to‘rt nafar buyuk tafakkur sohiblari: Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek sharaflariga yuksak ehtirom ramzi sifatida bastalangan. Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri ijrosi 3D grafik xaritalash dasturi jo‘rligida tomoshabinlarni buyuk ilmiy kashfiyotlar muhitiga sho‘ng‘itib, O‘zbekiston madaniy va tarixiy merosining yangi qirralari bilan tanishtiradi.
manbaa: acdf.uz