O‘zbekiston Geografiya jamiyati a’zolari 2022 yil 5-9 sentyabr kunlari Vetnamning Tay Nguyen shahrida “Dinamik Osiyodagi geografiya” mavzusidagi 5-chi Osiyo geografiya konferensiyasida ishtirok etdilar.
Konferensiya geografiya sohasidagi dolzarb muammolar va so‘ngi o‘zgarishlarni o‘rganish maqsadida Osiyo va butun dunyodan tadqiqotchilar, olimlar va talabalarni bir joyga to‘pladi. Konferensiyaning maqsadi Osiyo va jahonda geografiya sohasidagi tadqiqotchi va olimlar o‘rtasida bilim almashish uchun muhit yaratish bo‘lib, quyidagi savollar ko‘rib chiqildi:
- barqaror rivojlanish;
- atrof-muhit va inson faoliyatining o‘zaro ta’siri;
- globallashuv va mahalliylashtirish;
- migratsiya va nizolar;
- urbanizatsiya va shaharlarning kelajagi;
- tabiiy resurslar va ekologik muammolar;
- tabiiy ofatlar;
- iqlimning o‘zgarishi;
- ekotizim;
- geografik axborot tizimlari va masofaviy zondlash;
- va boshqa savollar.
Konferensiya ishtirokchilari dolzarb mavzularda ma’ruza qildilar, o‘zaro fikr almashdilar. Shu bilan birga, mazkur konferensiya doirasida O‘zbekiston Geografiya jamiyati a’zosi, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, PhD G‘ulomjon Umirzoqov Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Geologiya va geofizika instituti va Friburg (Shveysariya) universitetidagi hamkasblari bilan birgalikda, “G‘arbiy Tyanshanning Pskom daryosi havzasidagi muzliklarning massa balansini monitoring qilish” mavzusida ma’ruza qildi.
Konferensiya ishtirokchilari Osiyo geografik assotsiatsiyasi, Vetnam geograflar assotsiatsiyasi va Tay Nguyen universiteti ko‘magida tashkil etilgan tadbir uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Shuningdek, konferensiya davomida O‘zbekiston Geografiya jamiyati tomonidan geografiya sohasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot va nashriyot faoliyatini amalga oshirish, tajriba va axborot almashish, ilmiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida Hindiston geograflari milliy assotsiatsiyasi, Ozarbayjon Geografiya jamiyati, Bangladesh Geografiya jamiyati, Vetnam geograflar assotsiatsiyasi, Pokiston Geografiya assotsiatsiyasi va konferensiyada ishtirok etgan boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik to‘g‘risida ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.