Oʼz faoliyati davomida Oʼzbekiston Geografiya jamiyati xorijiy geograflar bilan ilmiy va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor berdi. Jumladan, koʼp tomonlama munosabatlar Rossiya Federatsiyasi geograflari bilan oʼrnatildi. 2015 yil oktyabr oyida Moskva shahrida Rus Geografiya jamiyatining 170-yilligiga bagʼishlangan xalqaro festivalda Rus Geografiya jamiyati Prezidenti S.K.Shoygu va Oʼzbekiston Geografiya jamiyati raisi А.S.Soliev ishtirokida hamkorlik toʼgʼrisidagi shartnoma imzolandi.
Oʼzbekiston Geografiya jamiyati va Rus Geografiya jamiyati oʼrtasidagi hamkorlik doirasida rossiyalik geograflar oʼz tadqiqotlari natijalarini “Oʼzbekiston Geografiya jamiyati axboroti” jurnalida, Oʼzbekistonda geografiya boʼyicha oʼtkaziladigan xalqaro va respublika ilmiy konferentsiya materiallari toʼplamlarida, respublikamiz geograflari esa oʼzlarining ilmiy ishlarini Rossiyaning ilmiy jurnallari va toʼplamlarida nashr etmoqdalar.