“Turkiy davlatlar geografiya kengashi tashkil etildi”
Joriy yilning 8 may kuni Toshkent shahridagi «Hilton» mehmonxonasida «Turkiy davlatlar geografiya kengashi»ning (keyingi oʼrinlarda Kengash deb yuritiladi) Taʼsis yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Unda Oʼzbekiston, Ozarbayjon, Vengriya, Qozogʼiston, Qirgʼiziston va Turkiya geografiya jamiyatlari rahbarlari, Turkiy davlatlar tashkiloti vakili, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Xabaringiz bor, 2022 yilning 10-11 noyabrь kunlari Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlat rahbarlarining sammiti doirasida turli faoliyat sohalarida oʼzaro manfaatli va koʼp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish boʼyicha vazifalar belgilab berilgan edi. Bundan tashqari, «Turk dunyo nigohi-2040» va «Oʼzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik kontseptsiyasi» hujjatlaridan kelib chiqib, nodavlat notijorat tashkilotlar va xalqlar oʼrtasidagi hamkorlik va diplomatiyani rivojlantirish, jumladan, ijtimoiy, madaniy hamkorlikni kengaytirish, Turkiy davlatlar geografiya jamiyatlari oʼrtasidagi birlik tuygʼusini yanada boyitish, shuningdek, har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Oʼzbekiston Geografiya jamiyati Turkiy Davlatlar Geografiya Kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.
Yigʼilish doirasida Kengashni tashkil etish toʼgʼrisida “Toshkent” bitimi imzonlandi, hamda uning istiqboldagi maqsad va vazifalari belgilab olindi. Shuningdek, Kengashning rejalari va faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan kelishib olindi. Kengash Bosh kotibi etib, Oʼzbekiston geografiya jamiyati raisi - iqtisod fanlari falsafa doktori Norinbaev Oybek Kabiljanovich saylandi. Kengash kotibiyati shtab-kvartirasini tashkil etish va uni Toshkent shaxrida joylashtirish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.
Kengash Bosh kotibi, Oybek Kabiljanovich Norinbaev Turkiy Davlatlar Geografiya Jamiyatlarining rahbarlariga uchrashuvda ishtirok etayotganliklariga hamda ushbu Kengashni tuzish yuzasidan Oʼzbekiston Geografiya jamiyati tomonidan koʼrsatilgan tashabbusini qoʼllab-quvvatlaganliklari uchun oʼz minnatdorchiligini bildirdi.
Shu bilan bir qatorda Bosh kotib, “Oʼrta asrlarda yashab ijod etgan buyuk sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, ularning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyatini yanada teran anglash, tadqiq etish va ommalashtirishga qaratilgan saʼy-xarakatlarga yangi turtki berish muhimligi, hamda ajdodlarimiz tomonidan amalga oshirilgan kashfiyotlar zamonaviy ilm-fan va taraqqiyot uchun naqadar dolzarb va zarur ekanligini, Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulugʼ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanishini va ana shunday bebaho merosni saqlab qolish, uni chuqur oʼrganib, kelgusi avlodlarimizga bezavol yetkazish barchamiz uchun asosiy vazifalardan biri ekanligini, Qadimdan dunyo ilm va bilimining beshigini tebratgan Turkiy dunyo yana qaytadan insoniyat uchun barcha bilimlar borasida mashʼal vazifasini bajarishiga ishonishlarini bildirib, mazkur maqsad va vazifalarga erishishda ushbu Kengash Turkiy davlatlar geografiya jamiyatlarini oʼzaro hamkorlik qilishlarida samarali platforma boʼlib xizmat qilishini” alohida taʼkidlab oʼtdilar.
Kengashning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilar:
- Geografiya, geoekologiya va boshqa umumiy manfaatdor sohalarda samarali mintaqaviy va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish;
- geografiya sohasidagi bilimlarni keng tarqatish, geografik va ekologik dunyoqarash shakllanishini qoʼllab-quvvatlash;
- Geodezik-kartografik tadqiqotlarni hamkorlikda bajarish va maʼlumotlarni oʼzaro almashish;
- fan, texnika, geografiya, taʼlim, madaniyat, ekologiya, sohalarida oʼzaro aloqalarni kengaytirish va qulay shart-sharoitlarni yaratish;
- Turkiy davlatlarning geografiya soxasidagi, ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalardagi yutuqlarini oʼrtoqlashish va ularni hamkorlikda tadbiq etib borish;
- Geografik xaritalar, joy planini olish, yer qobiqlari, ularning oʼziga xos xususiyatlari, yil fasllarining almashishi, tabiat zonalari, daryolar, koʼllar, relʼef shakllari va yer yuzi aholisi xaqidagi maʼlumotlarni oʼzaro oʼrganish;
- Yer yuzasi tabiatini, iqlimi va uning xoʼjalik faoliyatini hamda tabiiy va ijtimoiy muxitning oʼzgarishini baholash va bashorat qilib borish va ularning yechimlarini topishda koʼmaklashish;
- Oʼzaro sohaga oid dolzarb maslalarda ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, loyihalar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish hamda malaka almashish;
- Fan olimpiadalarini, musobaqalarini tashkil etish va oʼtkazish. Xalqaro olimpiada ishtirokchilarini saralash va gʼoliblarni ragʼbatlantirish;
- Turkiy davlatlar geografiya jamiyatlarining ilmiy maqolalarini va jurnallarini birgalikda nashr qilish hamda uning nufuzini oshirish;
- Hamkorlikning boshqa istiqbolli sohalarini rivojlantirish borasida takliflar ishlab chiqish.
Yigʼilishda Turkiy davlatlar geografiya jamiyatlari rahbarlari oʼz chiqishlarida, Oʼzbekiston Geografiya jamiyati tomonidan Kengash tuzish yuzasidan koʼrsatilgan tashabbusni yuqori baholab, geografiya jamiyatlari ilk bor shunday formatda uchrashayotganliklarini hamda ushbu Kengash geografiya va oʼzaro hamkorlik yunalishida yangi pogʼonaga olib chiqishida katta turtki boʼlishini va kelgusida salmoqli yutuqlarga erishilishini taʼkidlab oʼtdilar. Bundan tashqari, yigʼilishning yuqori saviyada tashkil etilganligiga alohida minnatdorchilik bildirdilar.