2022 yil 12 oktabr kuni Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida O‘zbekiston Geografiya jamiyati bilan Tojikiston Geografiya jamiyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumni O‘zbekiston Geografiya jamiyati raisi Oybek Norinbayev va Tojikiston Geografiya jamiyati raisi Xolnazar Muxabbatov imzoladilar.
Tomonlar, memorandumni imzolash orqali, birgalikda geografiya fanlari sohasida ilmiy-tadqiqot va nashriyot faoliyatini amalga oshirish, tajriba va axborot almashish, oliy o‘quv yurtlari pedagoglari va talabalari almashinuvini rivojlantirishga yo‘naltirilgan quyidagi masalalarda kelishib oldilar:
1. Birgalikda ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish va ishtirok etish;
2. Birgalikda ilmiy-tadqiqot va nashriyot faoliyatini amalga oshirish;
3. Ilmiy-tadqiqot natijalari, tajriba va axborotlar almashish;
4. Tomonlarning ilmiy jurnallarida maqolalar chop etish;
5. Ilmiy va o‘quv adabiyotlar almashinuvi;
6. Geografik kartalarni yaratishda ilmiy yondashuvlarni muvofiqlashtirish;
7. Qisqa muddatli ekspeditsiyalar va boshqa ilmiy dasturlarni amalga oshirish.
Shuningdek, har ikki mamlakat va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun dolzarb masalalarga bag‘ishlangan mavzularda qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalar bajarish, konferensiyalar o‘tkazish, geografik ob’ekt va atamalar izohli lug‘atini yaratish, rejalashtirilgan.
Tojikiston geograflariga fan nomzodi (Phd) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini olish uchun tayyorlangan disertatsiyalarini O‘zbekistondagi Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda himoya qilishlari, dissertatsiya tadqiqotlariga ilmiy rahbarlik qilishda hamkorlik qilish masalalari kelishildi.
Safar davomida S.Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universiteti va B.G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universitetida bo‘lib, ularning professor-o‘qituvchilari va talablarini Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida malaka oshirishlari va dala amaliyotlarini o‘tkazishlariga ko‘maklashish xaqida kelishib olindi.