Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo Bobur
(1483-1530)
Bu yil mamlakatimizda buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda.
Bobur (to‘liq ismi Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo) - o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shoh bo‘lgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijonda, Farg‘ona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga keldi.
Bobur - buyuk podshoh, mumtoz shoir, nazariyotchi adabiyotshunos, faqih, tilshunos, san’atshunos, etnograf, hayvonot va nabotot olamining bilimdoni sifatida ko‘p qirrali faoliyat va ijod sohibi edi.
Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir.
Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solgan. Boburiylar Hindistonda 332 yil hukmronlik qildilar.
Bobur Hindistonda ko‘plab ijtimoiy xayrli ishlarni amalga oshirib, mamlakat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, ilm-fan, adabiyot, me’morchilik, shaharsozlik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va boshqa sohalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratib, Hindiston ravnaqi uchun o‘zining hissasini qo‘shdi.
Bobur o‘zining ma’lum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida xalqimiz ma’naviy madaniyati tarixida munosib o‘rin egallaydi.
She’rlarining umumiy hajmi 400 dan ortib, shulardan 120 ta g‘azal va 231 ta ruboiy, shuningdek, tuyuq, qit’a va boshqa qo‘l yozmalari o‘rin olgan.
Bobur o‘zining nomini dunyoga mashhur qilgan shoh asari - „Boburnoma“ ustida ijodiy ishini 1518-19-yillarda boshlagan. Birgina „Boburnoma“ asari uning yigirmadan ortiq sohalarga qiziqqanligidan dalolatdir. Mazkur asar O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston geografiyasi, tabiati, ijtimoiy holati, tarixi, etnografiyasi kabilarni mujassamlashtirgan buyuk asar bo‘lib, hozirgi kunga qadar o‘zining ahamiyatini saqlab qolgan.
Asarni yozishda Bobur turli xil badiiy usul va til vositalaridan mahorat bilan foydalanadi, joylar manzarasi, topografiyasi, ob-havosi, o‘simliklar dunyosi, aholisi, xalq va qabilalarning urf-odatini bilimdon olim, adib va shoir, geograf va tabiatshunos, tarixchi va etnograf, benazir tilshunos va san’atshunos sifatida bayon qiladi. Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida O‘rta Osiyoning yirik shaharlari, Xuroson, Eron, Afg‘oniston va Hindistonni batafsil tasvirlab beradi. Uning Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Kobul, G‘azna, Balx, Badaxshon, Dehli, Lahor va boshqa shahar va hududlar haqidagi ma’lumotlari bebahodir, chunki muallif bu shaharlarning geografik joylashuvi, o‘sha davrdagi savdo-iqtisodiy roli haqida tasavvur beradi.
Zahiriddin Muhammad Bobur toponimika fanining rivojlanishi uchun muhim tadqiqotlar qilgan qomusiy bilimlar egasidir. Uning «Boburnoma» asarida O‘rta Osiyo xalqlari ishlatgan geografik terminlar va ularga berilgan izohlar bilan boydir.
Hindistonda 332 yil hukmronlik qilgan Boburiylar sulolasi bu yurt hayotining barcha jabhalarida o‘zining boy me’rosini qoldirgan. Ma’lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari Hindistonda ilm-fan, madaniyat, savdo, memorchilikni rivojlantirgan, ulkan maqbaralar, qal’alar, shaharlar bunyod etgan.
Toj Mahalni ham Boburning nabirasi Shohjahon qurdirgan. Boburiylar merosi bo‘lgan ushbu yodgorlik o‘zbek va hind xalqlarining tarixi mushtarakligi, ikki mamlakat aloqalari mustahkam asosga ega ekani ifodasidir. Toj Mahal dunyoning yetti mo‘jizasidan biri sanaladi. Mashhur majmua UNESCO ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan bebaho ilmiy-ijodiy meros nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.
Toj Mahal majmuasi
“Boburnoma” asari